“ISSQLIK TA'MINOTI OBYEKTLARI
BO‘YICHA INJINIRING KOMPANIYASI”
DAVLAT MUASSASASI
info@teploik.uz
+998 71 501 0005

Yangiliklar

      Bugun zamonaviy individual issiqlik punktlari hamda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. 

      Unda vazirlik mas’ullari, "Issiqlik ta'minoti" AJ rahbariyati, Texnik me'yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti mutasaddilari, qurilish-loyiha faoliyati bilan shug'ullanuvchi mutaxassislar va boshqalar ishtirok etdilar.

     Taqdimot davomida individual issiqlik punktlarining ishlash tamoyillari, ularning turar joy va ijtimoiy obyektlarda qo‘llanilishi, energiya samaradorligini oshirishda tutgan o‘rni hamda zamonaviy boshqaruv yechimlari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, sohaga raqamlashtirishni joriy etish orqali issiqlik ta’minotini avtomatlashtirish, tizim parametrlarini real vaqt rejimida nazorat qilish va masofaviy boshqarish imkoniyatlari namoyish etildi.

     Individual issiqlik punkti (IIP) — bu binoni issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlashni avtomatik tarzda boshqaruvchi zamonaviy texnologik majmua bo‘lib, u tashqi havo harorati, iste’mol hajmi va ichki tizim holatidan kelib chiqqan holda issiqlikni aniq me’yorlarda taqsimlaydi. IIPlar zamonaviy sensorlar, avtomatik regulyatorlar va raqamli boshqaruv dasturlari bilan jihozlanadi.

     IIPlarni joriy etish orqali issiqlik energiyasini tejash, ortiqcha issiqlik sarfining oldini olish, ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirish hamda xizmat sifatini oshirishga erishish mumkin. Shu bilan birga, intellektual boshqaruv tizimlari asosida avariyaviy holatlarni oldindan aniqlash, texnik xizmat ko‘rsatish jarayonlarini optimallashtirish va energiya resurslaridan samarali foydalanish istiqbollari kengaymoqda.

     Mazkur zamonaviy yechimlar sohani bosqichma-bosqich raqamlashtirish, energiya samaradorligini oshirish va aholi uchun barqaror hamda sifatli issiqlik ta’minotini ta’minlashga xizmat qiladi.