Prezidentimiz tashabbuslari bilan Namangan shahri markazlashgan issiqlik tizimini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Bugungi kunda Namangan shahri Davlatobod tumanida har birining quvvati 60 MVtga teng bo‘lgan 2 ta markaziy qozonxona, 64,0 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini qurish va 400 ta individual issiqlik punkti o‘rnatish ishlari amalga oshirilib, 350 ta ko‘p qavatli uydagi 16 316 xonadon, ya’ni 382 ming aholi va 37 ta ijtimoiy soha obyektlari issiqlik bilan ta’minlandi.
Shuningdek, markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanishi rejalashtirilgan RK-1 qozonxonasi hududidagi 7 592 ta xonadondan iborat 153 ta va RK-2 qozonxonasi hududidagi 8 724 ta xonadondan iborat 197 ta ko‘p qavatli uyning ichki issiqlik tarmoqlarini tiklash ishlariga 28,6 mlrd so‘m mahalliy budjet mablag‘lari yo‘naltirilib, bu boradagi ishlar ham to‘liq yakunlandi.
Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, birgina joriy yilning o‘zida 7 ta issiqlik ta’minoti obyektlarida qurilish va rekonstruksiya ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Bunda 36,9 km uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari, 5 ta markaziy, 3 ta mahalliy qozonxona qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, natijada 25 mingdan ziyod xonadondan iborat 531 ta ko‘p qavatli uy va 52 ta ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Bugun Namangan shahrida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov hamda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazakov ishtirokida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha respublika miqyosidagi amaliy seminar boʻlib oʻtdi. Unda viloyatlar hokimlarining kapital qurilish va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari boshliqlari qatnashdilar.
Seminar ishtirokchilari dastlab Namangan shahri Davlatobod tumanida yangi barpo etilgan 1-markaziy qozonxona faoliyati bilan tanishdilar. Mutasaddilar qozonxonaning zamonaviy, raqamlashtirilgan tizimi, energotejamkor texnologiyalarini ko‘zdan kechirdilar. Shundan so‘ng, ko‘p qavatli uylarning markazlashgan issiqlik tizimiga ulanganligi, yerto‘lalar holati o‘rganib chiqildi.
Mazkur seminarda oʻzaro tajriba almashish va sohani rivojlantirish istiqbollari koʻrib chiqildi.