“Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish bo‘yicha injiniring kampaniyasi” davlat unitar korxonasida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash davom etmoqda
Ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qat’iy siyosat yuritilmoqda. Ushbu yo‘nalishda davlat tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani natijasida turli sohalarda shaffoflikni ta’minlash va noqonuniy holatlarning oldini olish borasida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Xususan, 2025-yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Ko‘p xonadonli uylarni mukammal va joriy ta’mirlash hamda issiqlik ta’minoti obyektlarini qurish bo‘yicha injiniring kampaniyasi” davlat unitar korxonasida navbatdagi muhokama yig‘ilishi tashkil etildi.
Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Qurilish nazorat boshqarmasi katta prokurori M. Mullajonov ishtirok etdi. M. Mullajonov tomonidan sohada mavjud korrupsiyaviy xavflarning oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Bundan tashqari, xodimlar orasida huquqiy ong va mas’uliyatni oshirish, moliyaviy shaffoflikni ta’minlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida korxona xodimlariga korrupsiyaga oid qonunchilik talablari hamda ushbu jinoyatning oldini olish yo‘nalishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida batafsil tushuntirish berildi. Bunda, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha har bir rahbar va xodimning shaxsiy javobgarligi, shuningdek, korrupsiyaga qarshi komplayens ichki nazorat tizimini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu yig‘ilishda muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlardan biri – davlat xaridlari jarayonida shaffoflik va halollikni ta’minlash masalasi bo‘ldi. Shu munosabat bilan, loyiha va shartnomalarni amalga oshirishda ochiqlikni oshirish, har qanday noqonuniy xatti-harakatlarga barham berish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida korxonaning texnik-nazoratchilari tomonidan bajarilgan ishlarni qabul qilish jarayonida korrupsion holatlarning kamaytirilishi masalasi ham muhokama qilindi. Texnik nazoratchilarning mas’uliyatini oshirish, ishlarni sifatli baholashda shaffoflikni ta’minlash hamda noqonuniy bitimlarning oldini olish bo‘yicha zarur choralar belgilandi. Buning uchun korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish va raqamli tizimlardan keng foydalanish tavsiya etildi.
Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash davom etmoqda va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar natijasida sohada tartib-intizom mustahkamlanib, davlat loyihalarining samaradorligi oshishi kutilmoqda. Mazkur yig‘ilishda bildirilgan tavsiyalar kelgusida korxonada shaffoflikni ta’minlash va adolatli boshqaruv tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.